Part 2/ 2-Qism

Nigilist

Millatchilik juda xavfli illat. Milliy nigilizm esa undan ham xatarli. Millatchi qo’shnisini

yomon ko’radi. Milliy nigilist esa o’zini ham yomon ko’radi!

Ona tili

Qancha ko’p tilni bilsangiz, shuncha yaxshi. Biroq odam ona tilida tafakkur qiladi,ona

tilida tush ko’radi, ona tilida yig’laydi... o’lim oldida onasini ona tilida yo’qlaydi...

O’jar

Haqiqatni mayib qilish mumkin, ammo o’ldirib bo’lmaydi!

Ozchilik va ko’pchilik

“ Ozchilik ko’pchilikka bo’sunadi!” yoqimli shior! Ommabop shior!

Faqat… xudo haqqi, bir narsani hech tushunolmayman: dunyoda donolardan ko’ra

nodonlar, iste’dodlilardan ko’ra iqtidorsizlar hamisha ko’proq bo’lgan. Demak… Uzr…

uyog’iga aqlim yetmay qoldi…

Afsona

Qadimiy turkiy afsona bor. Emishki, Olloh Arshi a’lodan Yerga tushibdi. Qarasa, kimsasiz

orolda bir tola tuk yotgan emish. “Mayli,-debdi karami keng Xudo.-Shunga ham jon ato

eta qolay”. O’sha zahoti jonsiz tuk odam qiyofasiga kiribdi. Odam bunday qarasa,

Ollohning qudrati beqiyos emish: xohlasa jonlini bejon qiladi, xohlasa bejonga jon ato

etadi. Odam o’ylab qopti. Nega Xudo xohlagan ishini qilishga qodir-u, men qilolmayman?

Nimam kam undan?!

… Shunday qilib, Odamning ko’nglida hasad degan qora niyat paydo bo’libdi.

Ollohning qahri kelib, farmon qilibdi:

“ Odamzot mengaki hasad qildimi, bir-biriga omonlik bermaydi. Hasadgo’y do’zaxga

kunda bo’lsin!”

O’sha-o’sha do’zax lang’illab yonarmish.

Nisbiylik

Olam shu qadar kengki, xayolan ham qamrab ololmaysan.

Olam shu qadar torki, olgan nafasing aks-sado beradi…

“Yaxshiga kun yo’q..”

Xalqimiz: “Yaxshiga kun yo’q, yomonga o’lim”, deydi. Haq gap! Yomonlar yaxshilarni

o’ldirib, ularning umrini ham o’zinikiga qo’shib oladi. Shuning uchun uzoq yashaydi.

To’rt toifa

Boshingda quyosh charaqlab turganida izingdan qolmaydigan do’st-shunchaki do’st.

Boshingda quyosh charaqlab turganida izingdan qolmaydigan, boshingga bulut kelganida

g’oyib bo’ladigan do’st-do’st emas.

Boshingda quyosh charaqlab turganida izingdan qolmaydigan, boshingga bulut kelganida

xiyonat qiladigan “do’st”- dushman.

Boshingda quyosh charaqlab turganida izingdan quvmaydigan, boshingga bulut

kelganida izingdan qolmaydigan do’st-haqiqiy do’st.

Oliy jazo

Afrika qabilalaridan birida jinoyat qilgan odamni sazoyi qilish, qamab qo’yish, qatl etish

degan gaplar yo’q ekan. Tanho o’zini qabiladan haydab yuborisharkan, xolos…

Tush

Boshimga tashvish tushsa, bir narsadan qattiq siqilsam, onam tushimga kiradi.

Quvonchli damlarda esa, xohlasam ham na onamni, na otamni tushimda ko’rolaman...

Qiziq...

Halol va harom

Ba’zilar “halol va harom” deganda “ yeb-ichish mumkin bo’lgan va yeb-ichish mumkin

bo’lmagan” narsani anglaydilar... yuzaki tushuncha! Aslida bu- “qilish mumkin bo’lgan

va qilish mumkin bo’lmagan” amallar degani hamdir…

Bilasiz: non eng tabarruk ne’mat. Biroq nopok yo’l bilan topilgan non ham harom!

“Noningni halollab ye”, degan gap bejiz aytilmagan.

Odat

Ishdan nega kech kelganingizni surishtirsa, hayron bo’lmang.

Bo’yinbog’ingizni yechishga ko’maklashish bahonasida yoqangizni hidlab ko’rsa, hayron

bo’lmang.

Majlisda nima masala ko’rilganini so’rasa, hayron bo’lmang.

Majlisda necha kishi qatnashganligini so’rasa, hayron bo’lmang.

Kimning yonida o’tirganingizni so’rasa, hayron bo’lmang.

Telefoningizning rangi qanaqaligini so’rasa, hayron bo’lmang.

Necha kishi qo’ng’iroq qilganini so’rasa, hayron bo’lmang.

Qayerda tushlik qilganingizni so’rasa, hayron bo’lmang.

Bufet nechanchi qavatdaligini so’rasa, hayron bo’lmang.

Nima ovqat yeganingizni so’rasa, hayron bo’lmang.

Bufetchining yoshi nechadaligini so’rasa, hayron bo’lmang.

Sizga choyni qaysi qo’li bilan uzatganini so’rasa, hayron bo’lmang!

Boringki, oftob qaysi tomondan chiqqanini so’rasayam hayron bo’lmang.

Qiziquvchanlik-ayolning tabiiy odati!

Kuch va adolat

Adolat Kuchga bo’sungan yurt-vayron yurt.

Kuch adolatga bo’ysungan yurt-bo’ston yurt.

Yaxshilik va yomonlik

O’z fursatida qilinmagan yaxshilik- yomonlikka yo’l ochishi mumkin.

Ketmas boylik

Menda bir so’m bor. Sizda ham bir so’m bor...

Men sizga o’zimning pulimni berdim.

Siz ham menga o’zingizning pulingizni berdingiz…

Hech nima o’zgarmadi. Sizda ham bir so’m pul qoldi, menda ham...

... Menda yangi bir fikr bor. Sizda ham yangi fikr bor...

Men sizga yangi fikrimni aytdim. Siz ham menga yangi fikringizni aytdingiz…

Sizda ham ikkita fikr paydo bo’ldi, menda ham…

Esli odam pul almashmaydi. Fikr almashadi.

Sevgi

Avvaliga bir-birlarini tanimas edilar. Ularni sevgi degan g’aroyib kuch topishtirdi. Ular

ana shu kuch sehriga maftun bo’lib qoldilar.

Ajab, Sevgi hech qachon yolg’iz yurmas ekan. Unga Hijron degan alanga ergashib keldi.

Ular ana shu alanga otashida baravar kuya boshladilar.

Nihoyat, Hijron alangasi so’ndi-yu, sevgi Visol degan entiktiruvchi tyyg’uni yetaklab

keldi. Endi ular baxtiyor edilar.

Ajab, Sevgi hech qachon yolg’iz yurmas ekan. Endi I Sinov degan to’siqni yetaklab keldi.

Agar ular Sevgining qo’lidan mahkam tutishganida bu to’siqdan o’tishlari mushkul

emasdi. Ammo bunday bo’lmadi. Ular sinov oldida chekindilar.

O’rtada Shubha, Rashk degan sharpalar o’rmalab qoldi. Shunda ular o’zlarini

topishtirgan Sevgiga ilk bor ta’na toshi otdilar.

Sevgi shunda ham ularni kechirdi. Sabot, Mehr degan kuchlarga oshno qilishga urindi.

Ammo ular Sabotni ham, Mehrni ham unutdilar. O’zlarini topishtirgan Sevgi degan

“yovuz kuch” ga la’nat aytdilar!

Shunda… Ularning qismatiga Xiyonat kirib keldi! Ular Sevgini ayblay-ayblay, oxiri…

ajrashdilar…

Qismat chorahasida esa uchta begunoh go’dak chirqillab qoldi. Besh yashar o’g’il, uch

yashar qizaloq va… yetim qolgan Sevgi…

Burch

Hatto bulbul ham bola ochganidan keyin sayrashni bas qilib, polaponlariga yemish

tashiydi.

Mushuk

O’zi itdan qochib, daraxtga chiqib oladi-da, tag’in qushlarga dag’dag’a qiladi… qo’rqoq

shallaqi bo’ladi!

Olim va shoir

Hech nimaga hayron qolmaydigan odamdan olim chiqadi.

Hamma narsaga hayratlanadigan odamdan Shoir chiqadi!

Bozor iqtisodi

Kecha kolxozda ketmon chopib, biri ikki bo’lmagan dehqon bugun yer olib, bola-chaqasi

bilan gullatib qo’ysa-yu, qaddini kerib yursa, quvonaman.

Omadini bersin! Bu – bozor iqtisodi!

Kecha zavoddan olgan maoshini qay biriga yetkazishini bilmay rangi sarg’ayib yurgan

injener bugun qo’shma korxona ochsa-yu, nest-nobud bo’lib yotgan mevalardan sharbat

olib boyib ketsa, yana quvonaman.

Qandini ursine! Bu-bozor iqtisodi!

Kecha katalakdek xonaga tiqilib, “eskilik sarqiti” –beshik va sandiq yasagani uchun

nalugchidan baloga qolib yurgan hunarmand bugun kattakon sex ochsa-yu, rohatini

ko’rsa, tag’in bir bor quvonaman.

Baraka topsin! Bu bozor iqtisodi!

Kecha alifni kaltak deyolmay o’qituvchisidan dakki eshitgan va oxir-oqibat “xudosizlar

jamiyati”da qo’nim topgan notavon bola bugun “biznesmen”bo’lsa-yu, xususiy samolyot

sotib olsa, hayron qolmayman. Bu ham bozor iqtisodi.

Kecha buyuk ixtirolar qilgan olimning iste’dodli shogirdi bugun ilmini tashlab,

tadbirkorga aylansa-yu, papkasiga “delavoy shartnoma” solib, zipillab yursa, hayron

qolmayman. Bu ham bozor iqtisodi!

Kecha yurak qoni bilan doston yozgan shoir bugun o’sha dostoniga qalam haqi olsa-yu,

puli mashinka haqiga yetmasa, hayron qolmayman. Bu ham bozor iqtisodi!

Kecha unvon olish uchun yugura-yugura betob bo’lib qolgan chalasavod “hofiz” bugun

“otarma-otar” yursa-yu, “Yaguar” mashinasida kataysa qilsa, hayron qolmayman. Bu

ham bozor iqtisodi!

Kecha bitta rostga bitta yolg’on qo’shmasakuni o’tmagan eshak bozorining daloli bugun

“zamonaviy broker”ga aylansa-yu, uch qavatli “dacha” solsa, hayron qolmayman.bu

ham bozor iqtisodi!

Ammo kecha alifni kaltak deyolmagan ateist bugun ming kishini to’plab “amri-ma’ruf”

qilsa-yu, unga dashnom bergan o’qituvchisi choy tashib yursa, hayratlanmay iloj yo’q!

O’sha o’qituvchi ertasiga maktabni tashlasa-yu, “Ippadrom”ga chiqib sigaret sotsa,

hayratlanmay ilojim yo’q!

Kecha buyuk ixtirolar qilgan olim, bugun eng yaxshi shogirdidan ayrilgani uchun

ma’yuslanib bekatda tursa-yu, “kontrakt” bilan o’qishga kirgan birinchi kurs talabasi

“inomarka”sida unga loy sachratib o’tsa, hayratlanmay ilojim yo’q.

Olim shu ahvolda tramvayga chiqishdan iymanib, uyiga piyoda ketsa, hayratlanmay

ilojim yo’q!

Kecha eshak bozorida dalllollik qilgan “zamonaviy broker” bugun uch qavatli dachasini

“yuvsa-yu”, chalasavod “hofiz” bir soat “hangragani” uchun boshidan dasta-dasta “ko’ki”

dan sochsalar…

Davraning bir burchida o’tirgan shoir yurak qoni bilan yozgan g’azallari tuproqqa

qorishganidan ko’ngli o’ksib izdihomdan bosh egib chiqib ketsa, hayratlanmay ilojim

yo’q!

O’sha davraning yana bir burchida xuddi shu “hofiz”ni bir tiyin ta’masiz davolagan do’xtir

ham o’tirgan bo’lsa-yu, “otarchi” unga ko’zi tushib “iya, sizam shu yerdamisiz, doxtir?”

deb piching qilsa…

Do’xtir esa, “ertadan boshlab o’likdan kafanlik tilaganim bo’lsin!” deb qasam ichsa…

Hayratlanmay ilojim yo’q!

Bunaqa bozorga o’t tushib, alangasi osmonga chiqsin!!

Paxtakor

Ko’ngli- paxtasidek oppoq. Fe’li-paxtasidek yumshoq. Mehri- paxtasidek qaynoq… faqat

bitta aybi bor: “paxta qo’yish”ni bilmaydi.

Kapalak va toshbaqa

Toshbaqa guldan-gulga qo’nib yurgan kapalakni ko’rib g’ashi keldi.

“Bir kunlik umriga uchishini qara!”

Kapalak toshbaqani ko’rib kuldi.

“Yuz yillik umriga sudralib yurishini qara!”

Ko’ngil

Odam hamma narsaga to’yishi mumkin. Boylikka… Amalga ham… Shon-shuhratga…

Xudoning o’zi kechirsin-ku, hatto… hayotga ham… Qarib-churiganida “omonatingni ola

qol, yaratgan Egam”, deydiganlar, chin dildan gapiradi…

Odam hamma narsaga to’yishi mumkin. Faqat bir narsaga-Mehrga to’ymaydi. Bu

masalada shohu-gado barobar.

Holbuki, dunyoda bundan arzon narsa yo’q.. bir og’iz shirin So’z, bir chimdim Mehr kimni

o’ldiribdi! Biz esa shuni ham bir-birimizdan ayaymiz...

Sharq fojiasi

Sharq ayoli bir qadar zabun bo’lgan.

G’arb ayoli bir qadar erkin bo’lgan.

Sharq podshosining harami bo’lgan. Haramda rasman tan olingan kanizaklar bo’lgan.

Xohlasa o’nta, xohlasa qirqta…

G’arb qirolining harami bo’lmagan. Ammo uning rasman tan olingan jazmanlarifavoritkalar

bo’lgan. Xohlasa o’nta, xohlasa qirqta.

Sharqda to’rt nikohga ruxsat berilgan.

G’arbda bitta nikoh tan olingan.

Sharqda to’rt xotinning har biri o’z bolasini taxtga da’vogar qilib tarbiyalagan.

G’arbda o’nlab favoritkalarning birontasi bolasini taxtga da’vogar deyishga haqqi

bo’lmagan.

Sharqda ne-ne saltanatlar o’gay aka-ukalar o’rtasida xomtalash bo’lib, parchalanib

ketgan.

Ga’rbda bu muammo bo’lmagan…

Xulosa: G’arb qiroli bir qadar dono, ayollar esa bir qadar erkin va… anchayin soda

bo’lgan. Sharq podshosi bir qadar soda, ayollar esa bir qadar zabun va … anchayin

makkor bo’lgan!

Sharqning eng katta fojiasi-rasman qonunlashtirib qo’yilgan ko’p xotinlilik!

Qoida

Baliq boshidan sasiydi. Ammo uni dumidan tozalaydilar.

Charxpalak

Maktabimiz biqinida ariq oqardi. Ariqda charxpalak bor edi. Katta tanafufusda

charxpalakni tomosha qilishni yaxshi ko’rardim… yog’och gardishi ko’hna, temir

paqirchalari zanglab ketgan. Parraklariga ko’kimtir suv o’tlari yopishgan… birov

yolg’ondan turtib yuborsa, rostdan qulab ketadigandek… charxpalak nolali g’iyqillab

aylanadi. Kaftida suv ko’tarib, yuqoriga olib chiqadi… tepaga chiqib olgan suv ortiga

qaytmaydi… charxpalak ham bunga ranjimaydi. Yangidan-yangi suv tomchilarini

yuqoriga ko’tarib beraveradi… ng’iyqillaydi…

Oradan ko’p yillar o’tib, o’sha charxpalak tushlarimga kiradigan bo’ldi. Nega shunday

bo’lganini uzoq o’yladim…

So’ng… bir haqiqatni angladim. Men charxpalakni emas, ustozlarimni qo’msar ekanman.

Suv-suv emas, men ekanman! Charxpalak- charxpalak emas, o’qituvchilarim ekan!

Meni-bir tomchi suvni katta hayot yo’liga olib chiqib qo’ygan ustozlarim-charxpalak

zahmatini oqlay oldimmikan?... Bilmadim.

…Ko’hna charxpalak hamon tushlarimga kiradi…

Bozor va mozor

Bozorda hayot qaynaydi... mozor esa marhumlar makoni...

Bozorda shoh-shoh, gado-gado. Mozorda esa shoh-u gado barobar...

Bozorda kun-u tun shovqin tinmaydi. Mozor esa sukunat maskani...

Bozor bilan Mozor bir-biridan naqadar uzoq…

Lekin…

Aqli raso odam hech qachon Bozorni buzmaydi. Aqli raso odam hech qachon mozorni

ham buzmaydi...

Aqli raso odam qay yurtga bormasin, bozorni aylanadi. Aqli raso odam qay yurtga

bormasin Mozorni ham aylanadi. Bozorga kirib, bu yurtning moddiy boyligini ko’radi.

Mozorga kirib, ma’naviy boyligiga baho beradi...

Bozor bilan Mozor bir-birdan naqadar uzoq. Bozor bilan Mozor bir-biriga naqadar yaqin!

Bayram chechaklari

Bugun bayram. Ko’chalar gavjum. Sho’x- sho’x kuylar yangraydi.guras-guras odamlar

o’tadi. O’yin-kulgi, shodon shovqin bahor osmonini titratadi.

Shundoqqina yo’lka chekkasida o’tirib olgan bolakay ovozi boricha hayqiradi:

-Gul! Kep qolinglar, gul! Atirgul. Bayram gullari!

Uning oldida bir savat gul quyosh parchasidek tovlanadi.

Gullar har xil: oq, qizil, pushti…

Odamlar kelib gul olishadi.

Nariroqda to’nkarilgan eski paqir ustida o’tirib, rediska sotayotgan xotin ora-chora

bolaga tanbeh berib qo’yadi:

- Izdachisini berdingmi, a’zam? Pulingga ehtiyot bo’l!

Bolakay hamon hayqiradi:

- Kelinglar! Gul olinglar. Gul!

… Bolalik yillarimni eslayman. To’rt aka-uka edik. Dadam hammamizni baravar kiyintira

olmagani uchun, bayramga birimizga yangi do’ppi, birimizga botinka, yana birimizga

ko’ylak sovg’a qilardi. Biz bayram kelishini orziqib kutar, shungacha yangi kiyimlarimizni

har kuni bir-birimizga ko’z-ko’z qilar, ammo kiymas edik.

Bayram kuni shaharga tushardik. Go’yo hamma bizning yangi do’ppimizga,

ko’ylagimizga havas bilan qarayotgandek tuyulardi.

… Bugun bayram. Odamlar guras-guras o’tadi. Chiroyli kiyingan bolalar shovqin solib

yugurishadi.

Gulchi bolakay hamon qichqiradi:

- Gul olinglar, gul!

Boyagi xotin yana tanbeh beradi:

- Pulingga qara, pulingga!

Bugun bayram. Qara, hammayoq bayram! Sen qachon bayram qilasan, bolajon?! Hoy,

pul joningni olgur xotin, ayt, u qachon bayram qiladi?!

Mevali daraxt

Mevali daraxt o’ziga ishongani uchun yonida yangi nihol o’sib chiqsa, quvonadi. To’nka

o’ziga ishonmagani uchun niholga g’ashlik qiladi. Biroq u xohlaydimi-yo’qmi, nihol

o’saveradi!

Erk

Inson tabiati shu: hamma erkni orzu qiladi. Hamma ozodlikka intiladi. Shunaqa-ku…

… Hech o’ylab ko’rganmisiz? Nima uchun Yer kurrasi o’z o’qi atrofida nuqul bir tomonga

qarab aylanadi? Bugun bir tomonga, ertaga boshqa tomonga aylansa, nima bo’lardi?

Nima uchun Yer o’z o’qi atrofida 24 soatda bir aylanadi? Bugun 24 soatda, ertaga 30

soatda aylansa nima bo’lardi?

Nima uchun Zamin Quyosh atrofini uch yuz oltmish besh kun-u, olti soatda, ikkinchi yili

ikki yuz kunda aylansa nima bo’lardi?

Nima uchun Yer kurrasi har yili 22-dekabrda Quyoshga yaqin masofaga boradi, 22-

iyunda Quyoshdan eng uzoq masofaga ketadi. Shundayam keragidan ortiq yaqin ham

bormaydi, keragidan ortiq uzoq ham ketmaydi?

Bu qonunlarni, aniqrog’i, qonuniyatlarni kim yaratgan?

Olloh emasmi?

Inson esa Ollohning bandasi emasmi?

Mutloq erkin orzu qilish Tangriga ham xush kelmaydi...

Ilk muhabbat

Ilk muhabbat bahor osmonidagi bulutga o’xshaydi. Oppoq. Pokiza. Shaffof... Na qo’lingiz

bilan tutasiz. Na ortidan yugurib yetasiz... Shamol uni qayoqqa olib ketishini ham

bilmaysiz...

Birinchi muhabbat ko’pincha natijasiz tugashi balki shundandir...

Sinov

Bir narsani ko’p kuzatdim. Ona ovqatga o’tirgan zamon chaqaloq yig’layveradi. Keksalar,

bunaqa paytda bolani shayton chimchilaydi, deydilar. Bilmadim... Xudoning o’zi

kechirsin-ku, menimcha gap shaytonda emas. Bu- tangrining ona mehrini sinash

usullaridan biri bo’lsa ajabmas...

Sham yonmasa..

Erkak bilan ayol munosabatida aybni nuqul erkakdan izlash insofdan emas. Sham

yonmasa, parvona yaqin kelmaydi.

Qirq jon

Xotin kishining joni qirqta bo’ladi, desalar ajablanmang. Negaki u bitta jonni o’ziga olib

qolib, o’ttiz to’qqiuztasini farzandlariga beradi...

Sodda va buyuk

Qadimgi musavvirlar farishtani g’odak qiyofasida tasvirlagani bejiz emas. Bola shu qadar

soddaki, biz uning darajasiga tusha olmaymiz. Bola shu qadar buyukki, biz uning

darajasiga yetolmaymiz!

Qo’g’irchoq

Bu odam loydan yasalgan qo’g’irchoqqa o’xshaydi. Zamon sal o’zgarsa, boshidan jinday

suv quyadi-da, loyini iylab-iylab, o’zini qaytadan yasab, boshqa qiyofaga kirib oladi…

Qattiqroq yomg’ir yog’sa, balchiqqa aylanib ketadi-yov!

Aql va mansab

Aql bilan mansabga erishishish mumkin. Mansab bilan aqlga erishib bo’lmaydi.

Yeb to’ymagan-yalab to’ymas

Qadim zamonda ko’zi ojiz odam bo’lgan ekan. Albatta, ko’zi ojizlik ayb emas… Xullas

o’sha odam tirikchiligi tang ahvolda qolgach o’ziga o’xshash so’qir bir tilanchiga shogird

tushibdi. Gadoylik hunarining sirini o’rgatishni so’rabdi.

- Bu hunarning uchta qoidasibor,-debdi ustozi.- Qayerda bo’lsa ham, qancha bo’lsa ham,

kimdan bo’lsa ham olaverasan!

Oradan ko’p yillar o’tibdi. Ustoz tilanchi hammomning issiq xonasida mudrab o’tirsa,

yonbosh tomondan ovoz kepti:

- Xayr qili-i-ing!

-Esing joyidami?-debdi ustoz tilanchi. –Hammomda ham sadaqa so’raydimi?

-Qayerda bo’lsa ham!-debdi boyagi ovoz.

Ustoz tilanchining achchig’i chiqibdi.

-Qanaqa betamizsan, yalang’och odamda pul nima qilsin?

- Qancha bo’lsa ham!

Ustoz tilanchi shogirdining ovozidan tanib qolibdi.

- Hoy, badbaxt! Kelib-kelib o’z ustozingniham shilasanmi?

- Kimdan bo’lsa ham!-debdi shogird tilanchi...

Albatta, poraxo’r tilanchi emas. Poraxo’r avvaliga o’zini tiyib yuradi. “Insof” bilan oladi.

Ammo bora-bora qayerda bo’lsa ham, qancha bo’lsa ham, kimdan bo’lsa ham olishga

o’rganadi. Va... oxiri hammomga yalang’och kiradi... tag’in kim bilsin... Qaribchuruguncha

umrguzaronlik qiladiganlari ham oz emas shekilli.

O’rtadagi odam

O’rtadagi odamga havas qilmang. Ham bolg’adan zarba yeydi, ham sandodndan.

Teskari haqiqat

Odam qancha ko’p qiziqsa, shuncha ko’p o’qiydi. Qancha ko’p o’qisa, shuncha ko’p

biladi. Qancha ko’p bilsa, yashashi shuncha qiyin bo’ladi.

Savob va gunoh

Odamzotning tabiati qiziq: o’zining tariqdek savobi-tarvuzdek, tarvuzdek gunohitariqdek

tuyuladi...

Aldov

Biz hammamiz-yolg’onchilarmiz. Ayting, qaysi biringiz aqalli biron marta go’dakka

yolg’on gapirmaganman, deya olasiz? Go’dakni aldash eng katta yolg’ondir!

Hamma ona - bir ona

Amerika bilan O’zbekiston orasi o’n besh ming chaqirim. Avstraliya bilan Kanada orasi

yigirma ming chaqirim. Ammo amerikalik senatorning xotini o’z farzandini o’zbekistonlik

dehqonning xotinidan kamroq yaxshi ko’rmaydi. Avstraliyalik aborigen ayol o’z

farzandini kanadalik millioner ayoldan ko’proq yaxshi ko’rmaydi.

Buzilgan nikoh

Uyni qonuniy bo’lishdingiz...

Mol-mulkni qonuniy bo’lishdingiz...

Muhabbat bo’laklandi...

Sadoqat bo’laklandi...

Bola-chi? Bolani qaysi qonun bilan bo’lashasiz? Onasi bilan bo’lsa, otasiz qolsa. Otasi

bilan bo’lsa, onasiz qolsa... Yaxshisi, uniyam ikkiga bo’ling! Bir nimtasi-erga! Bir nimtasixotinga!

Qani ko’taring boltani, bolaning uvoli tutgurlar!

Eng sayroqi qush

Bulbulning erkagi sayraydi. Odamning-ayoli.

Notavon

U xo’-o’-o’p o’qimishli, xo’-o’-o’p bilmdon, xo’-o’-o’p olim odam. Faqat bitta “juz’iy”

kamchiligi bor: chin dildan kulolmaydi, chin dildan yig’lolmaydi...

Tomsuvoq

Qishloqda kuz pallasi tomsuvoq qilish udumi bo’lardi. Uning yozilmagan qoidasi bor.

Birinchidan, hech kim tomini yolg’iz o’zi suvamaydi:hamma hasharga keladi.

Ikkinchidan: beva-bechora, qo’li qisqa xonadonning uyi eng avval tomsuvoq

qilinadi.keyin, navbatma-navbat davom etaveradi…

O’qituvchimizning hashariga ayniqsa ko’p odam yig’ildi. Uyi katta yo’l yoqasida edi.

Shundoq ko’cha chetidan loyhandaq qazilgan ekan. Somon, katta yo’lning ko’pchib

yotgan tuprog’iga qovushib, obdon yumshabdi. O’qituvchimizning Azim aka degan

qo’shnisiishboshi bo’ldi. Birov handaqqa tushib loy soberib turdi, birov paqirlab loy

tashiydi, yana birov tomda turib, ilgak bilan tortib oladi, boshqasi hafsala bilan suvaydi…

Erta peshindayoq hamma ishni qoyil qilib tashladik. Hovli o’rtasidagi tut tagida

ovqatlanib o’tirsak, o’qituvchimning keksa onasi kelib qoldi. (Keyin eshitsak, bir hafta

avval ko’zi yorigan qizinikiga ketgan ekan).

Kampir hassasini do’qqillatib, to’ppa-to’g’ri o’qituvchimizning oldiga bordi.

- Nima qilding?- dedi o’g’lining salomiga alik ham olmay.- Nima ish qilib qo’yding?!

Hammamiz hayron bo’lib qoldik. Muallim o’quvchilarining oldida ayniqsa mulzam bo’ldi,

shekilli, qizarib ketdi.

- Nima qipman, oyi?-dedi ko’zlarini pirpiratib.

-Dard!-kampir hassasi bilan yerninuqidi.- Sanga qachon aql kiradi, nodon bola!- Keyin

azim akaga yuzlandi.- Bu-ku ahmoqlik qilishga qipti, siz qayoqda edingiz? Nega

ko’chadan loy qildilaring?! Ko’chaning tuprog’iga tegib bo’ladimi, nobakor! Ko’pchilikning

haqi-ku bu!- Bir zum harsillab turdi-da, to’satdan yig’lab yubordi.- Man yurtning haqiga

suvalgan tom tagida turmayman!- Shunday dedi-yu, supa labiga borib, ters o’tirib oldi…

… Hammamiz qaytadan tomga chiqdik… Suvoq qilishdan ko’ra loyni ko’chirish qiyin

bo’larkan. Bitta qoldirmay, qirtishlab, tomdan tushirdik. Paqirlab tashib, ko’chadagi

loyhandaqni to’ldirib qo’ydik…

… Oradan yillar o’tib, kampir ko’z yumganida tumonat odam uni o’sha ko’chadan so’nggi

manziliga ko’tarib bordi…

Ko’cha tuprog’i iliq edi… Mayin edi…

Qarz

Bolam bemehr chiqdi, deb, ko’p ham o’kinmang. Balki, sizga adolatsizlik bo’lib

tuyulayotgan narsaning o’zi adolatdir… Siz ota-onangizdan olgan qarzni bolangizga

berasiz. Bolangiz o’zining bolasiga… Hayot zanjiri uzulmasligi kerak-ku…

Qizilishton

Bola edim… Kuz edi… so’rida dars qilib yotibman. Ammam bir burchakda mudrab

o’tiribdi... Osmonda mezonlar uchadi. Qondek qizargan tok barglari ohista chayqaladi.

O’rik xazonlari unsiz pirpirab to’kiladi. Bog’ tomondan yakkash bir sado keladi: “tuk-tuktuk,

tuk-tuk-tuk”. G’ashga tegadi. Xayolingni qochiradi… oxiri bo’lmadi, ammamdan

so’radim:

- Nima, u, amma?

Ammam chochib, ko’zini ochdi.

- Nimani so’raysan, bolam?

-Anavi to’qillatayotganni-da, nima o’zi?

Ammam bir zum quloq solib turdi. Keyin nosini tupurib, jilmaydi.

- Qizilishton-ku!

-Nega hadeb to’qillatadi? Jonga tegdi-ku?

- Unaqa dema, bolam,- dedi ammam xo’rsinib.- Xudo uni shunga yaratgan, daraxtning

qurtini yeb tozalaydi...- Uzoq jim qoldi-da, qo’shib qo’ydi.- Qaniydi, Olloh odamzotning

ko’nglidagi qurtlarni tozalaydigan shundoq jonivor yaratsa. Hamma jannatga

tusharmidi...

Omonatga xiyonat

Umr tangrining odamzotga o’lchab bergan omonatidir. Biz esa ko’pincha, uni behuda

o’tkazib, omonatga xiyonat qilamiz.

Yovvoyilar

Mo’g’ullar Movarounnahrni bosib, qirg’in qilganida bir ayol tirik qolishning yo’lini topibdi.

Bosqinchiga aytibdi:

- Men bahosi yarim jahonga teng bir gavharni yutib yuborganman. Meni o’ldirmay, uchto’rt

kun sabr qilsang...

Shunda mo’g’ullar o’sha qishloqdagi hamma xotinlarning qornini yorib, gavhar izlagan

ekan...

Sho’rlik yurtim! Ne balolar kechmadi boshingdan!

Mehr

Quyosh buloq suviga ham, mag’zavaga ham baravar nur sochaveradi.

Yer chuchmomani ham, chaqirtikanakni ham baravar o’stiraveradi.

... Ota-onaga bolaning yaxshi-yomoni yo’q...

Ilon

Ko’p yillar avval Missisipi sohillarida dunyodagi eng katta ilon-anakondani tutib

o’ldiribdilar. Uzunligini o’lchayman, deb harchand urinsa ham eplay olmabdilar. Ilonning

jasadi, nuqul buklanib qolarmish...

Odamlar ham qiziq. Muttasil egri yurgan mahluq o’lganidan keyin to’g’ri bo’ldi nima-yu,

bo’lmadi nima?

Yo’qchilik va to’qchilik

Bir narsaga hech tushunmayman: kitob o’qiydiganlarda pul yo’q. Puli ko’plar kitob

o’qimaydi.

Tebranma dunyo

Mehr-yaxshilik, qahr-yomonlik belgisi, degan gap bor...

Teskarisi bo’lsa-chi?

Tasavvur qiling. Bir nomard, begunoh odamni o’ldirdi. Siz mehr ko’rgizib, uni jazodan

saqlab qoldingiz. U ertasiga boshqa bir begunohni o’ldirdi. Sizning mehringiz yaxshilikka

emas, yomonlikka sabab bo’ldi…

Dunyoda soat kapgiridek tebranib turadigan haqiqatlar ham bo’ladi…

Ildiz

Nuqul o’tmishidan noliydigan odam kelajagini barbod qilishi mumkin. O’z ildizini inkor

qilgan daraxt qurib qoladi.

O’lchov

Umr o’lchovi yolg’iz Ollohga, mazmuni esa ko’p jihatdan insonning o’ziga bog’liq.

Bolalik va keksalik

Bolalikda dunyo keng-u kiyim tor.

Keksayganda kiyim keng-u dunyo tor…

Odob

Farzandga oson tutmang. Otaning yuziga tik qarolmaydi.

Otaga oson tutmang. Farzandiga dardini ayta olmaydi.

Aql yoshda emas

Yoshligida aqli raso odam keksayib, “annaqaroq” bo’lib qolishi mumkinmi-yo’qmi, unisini

bilmadim-ku, ammo yoshligida “annaqaroq” odam keksayganda aqli raso bo’ladi,

desalar... Bilmadimov.

Tiriklar va o’liklar

Vaqti-vaqti bilan qabristonga borasiz. Ajdodlaringiz boshida turib o’tganlar ruhini

xotirlaysiz... Keyin... o’z yumushingiz bilan ketasiz.

Shoshilmang. Dunyo ishi bitganmas... iloji bo’lsa, qabristonni osoyishta aylaning.

Shunda... g’alati holat ro’y beradi. Marhumlar sizga ko’-o’-o’p narsalarni aytadi...

Ishoning, o’liklar tiriklardan ko’ra teranroq fikrlaydi...

Ne’mat

Ayollar! Yig’lab ko’nglingizni bo’shatishdek ne’matni ato etgani uchun Yaratganga

shukronalar qiling!

Majnuntol va qamish

Majnuntolning bosh egib sukut saqlashi donoligi va chayirligidan.

Qamishning g’oz turib shovullashi nodonligi va mo’rtligidan... qiziq, ikkalasi ko’pincha

yonma-yon o’sadi...

Nur va soya

Olloh insonni eng mukammal, eng mukarram zot qilib yaratgan. Bas shunday ekan,

yomon odamlar qayoqdan paydo bo’ladi?

Nachora nur bor ekan, soya ham bo’laveradi. Buyog’I o’zingizga bog’liq: xohlang nur

bo’ling, xohlang-soya…

Oy va quyosh

Oy quyoshdan nur oladi. Quyosh qancha yorqin porlasa, oy shuncha tiniqlashadi.

Erkak qancha mehr bersa, ayolning husni shuncha ochiladi…

Jinoyat

O’z ko’nglidagi mehrni o’ldirish odam o’ldirishdan og’irroq jinoyatdir. Negaki har qanday

razillik bemehrlikdan boshlanadi.

Boy va kambag’al

Boy gerdaysa-salobat. Kambag’al ta’zim qilsa-xushomad.

Boy gapirsa-donolik. Kambag’al sukut saqlasa-nodonlik.

Boy “Mersedes” olsa-kamtarlik. Kambag’al velosiped olsa-manmanlik.

Boy jinoyat qilsa-“sho’xlik”. Kambag’al sho’xlik qilsa-jinoyat.

Boy o’lsa-motam. Kambag’al o’lsa-“bandalik”...

Amalparast

Echkidek amalga mingan edi, fil ustida o’tirgandek bosar-tusarini bilmay qoldi. Amaldan

tushganida fildan yiqilganidek suyaklari sochilib ketmasa deb qo’rqaman!

Mahalliychilik

Mahalliychilik-millatchilikning nikohsiz tug’ilgan bolasi, shovinizmning nikohsiz tug’ilgan

nevarasidir!

Biri kam dunyo

Bola tug’dirganlarning hammasi ham Ota bo’lavermaydi.

Bola tuqqanlarning hammasi ham Ona bo’lavermaydi.

Bolaning hammasi ham farzand bo’lavermaydi…

Ustoz

Ustoz otangdan ulug’, deganlari bejiz emas, Ota hayot beradi. Ustoz esa yashashga

o’rgatadi. Tug’ilish oson, yashash qiyin…

Husn

Yo’lbars boshqa ov topolmasa, daraxtning pastak shoxiga qo’nib turgan tovusni dumidan

tutib yer ekan… Ortiqcha husn boshga bitgan balo bo’ladi, deganlari shu bo’lsa kerak…

Ilg’or tajriba

Odamlar “bozor munosabati” ni baliqdan o’rgangan. Kattasi kichigini yeyaveradi...

Adolat

Adolat bitta bo’ladi, deyish soddalikdir. Adolatning qiyofasi ming xil bo’lishi mumkin. Buunga

qayoqdan qarashga bog’liq.

Xazina

Dunyoda eng bebaho, ammo hamisha tekinga tarqatiladigan xazina bor. Bu- Ona

mehri...

Do’st

Do’st degani daraxt yaprog’iga o’xshaydi. Bahor chog’i-behisob. Kuz kelganda-sanoqli.

Yoshlik chog’i-behisob. Keksayganda-sanoqli...

Vatan tuyg’usi

Qaysi yurtda non arzonroq bo’lsa, o’sha yerga ko’chib yuradigan odamda Vatan tuyg’usi

bo’lmaydi.

Dono va nodon

Dono nodondan o’zini bir pog’ona quyi tutsa, hayron bo’lmang. Taroning yukli pallasi

bo’sh palladan pastroqda turadi.

Orzu

Qani endi, qaytadan go’dakka aylanib qolsang-da, o’ylaganingni qo’rqmasdan

aytaversang.

FARZANDLARIMGA O'GITLAR

Uchrashuvlarda bir savolni ko’p berishadi:

“O’zingiz uchun eng qimmatli asar qaysi?”

Ko’pincha yarim hazil bilan javob qilaman:

“Mening ikkita qimmatli “asarim” bor: biri-o’glim, biri-qizim!”

Senlar menga Xudo bergan eng bebaho boyliksan… Shu bois, diqqat bilan eshit!

* * *

Bir narsani orzu qilaman.

Bu dunyoda men qilgan yaxshi ishlardan aqalli bitta ko’proq yaxshilik qilsang…

Bu dunyoda men qilgan xatolardan aqalli bitta kamroq xato qilsang…

* * *

Hech qachon Osmonga tupurma! Osmon qahrli. Tupuging yuzingga qaytib tushadi!

Hech qachon Yerga tupurma! Yer mehrli: tupuging yuzingga sachraydi. Ammo shu Yer

seni ko’ksida ko’tarib yuradi!

* * *

Iloji bo’lsa, mening kasbimni tanlama. Yozish qiyin. Haqiqatni yozib, barchaga baravar

ma’qul qilish undan ham qiyin...

* * *

Yomonning yaxshisi bo’lgandan yaxshining yomoni bo’l. yomondan-yomonlik yuqadi.

Yaxshidan-yaxshilik.

* * *

Rost gapir. Rostgo’y odam jasur bo’ladi.

* * *

Dushmaningdan qo’rqma, dushmanga aylangan do’stingdan qo’rq. Dushman bilsa bitta

ojiz tomoningni biladi. Dushmanga aylangan do’st esa mingtasini.

* * *

Qo’lingdan kelmaydigan ishga va’da berma.

Qo’lingdan keladigan ishga ham va’da berma.

Qo’lingdan kelmaydigan ishga va’da bersang, uyatga qolasan.

Qo’lingdan keladigan ishni esa, va’da bermasdan bajarsa ham bo’laveradi…

* * *

Hech kimga hasad qilma. Hasadgo’y hech nimaga erisholmaydi. Faqat o’zgani ham,

o’zini ham abgor qiladi.

* * *

Obro’ topishning eng to’g’ri yo’li-kamtarlik.

* * *

Yomonlikka yaxshilik bilan javob bersang, bir hissa savob olasan. Yaxshilikka yomonlik

bilan javob bersang, o’n hissa gunohga botasan. Negaki, bu dunyoda yomonlikka

yaxshilik qiladiganlardan ko’ra yaxshilikka yomonlik qiladiganlar o’n hissa ko’p.

* * *

Deraza-oynadan yasaladi. Ko’zgu ham. Farqi shuki, ko’zgu o’zingni o’zingga ko’rsatadi.

Deraza esa hammasini ko’rib turadi-yu, o’zini ko’rmaganga soladi… Ko’zguga ko’proq

qara!

* * *

Mabodo qachondir mansabdor bo’lib qolsang, bilib qo’y: amal kursisida o’tirganingda kim

eng ko’p tovoningni yalasa, kursidan tushganingda o’sha birinchi bo’lib sendan yuz

o’giradi!

* * *

“Oshsiz uy bor, urishsiz uy yo’q” deydilar. Oilangda janjal chiqsa, eng avval

farzandlaringni o’ylab ish qil!

* * *

Hech kimga yomonlik sog’inma. Hatto dushmaningga yomonlik tilasang bir chekkasi

o’zingga qaytib keladi. Negaki olam bus-butundir.

* * *

Ayol-gul. Erkak-bog’bon. Sen gulni xor qilsang, uni o’zga bog’bon siypalaydi… erkakbog’bon.

Ayol-gul. Sen bog’bonga tikan sanchsang, u o’zga gulni siypalaydi… ikki o’rtada

sening mevang yetim qoladi. Xudo shundan asrasin!

* * *

Bu dunyoda hamma narsaning javobi bor deydilar. To’g’ri gap1 ammo bu dunyoda javob

qilinmaydigan narsalar ham bo’ladi.

Sen birovga yaxshilik qilsang, javobini kutma. Undan qaytmasa, boshqadan qaytadi.

Birov senga yomonlik qilsa javob berma. Sendan qaytmasa, boshqadan qaytadi!

* * *

Menga yuz marta ozor bersang, kechirishim mumkin. Onangga bir marta ozor bersang,

kechirmayman: onang senga mendan ko’ra yuz hissa ko’p mehr bergan!

* * *

Noningni yo'qotsang yo'qot, nomingni yoqotma!

URUSHLAR HAQIDA

Insoniyat tarixi-urushlar tarixidan iborat. Ertaklarda-urush. Dostonlarda-urush.

Kitoblarda-urush. Kinolarda –urush... Tabaqalar urushi. Fuqarolar urushi. Mamlakatlar

urushi. Jahon urushi.

Olimlarning hisob-kitoblariga qaraganda, so’nggi olti ming yil ichida Yer kurrasida 5700

marta urush bo’lgan ekan. (Mayda-chuyda qabilalar janjali bu hisobga kirmaydi). Yana

o’sha olimlarning aytishicha, odamzot o’rtacha oltmish yil umr ko’rarkan. Bundan chiqdi,

insonbolasi hayoti davomida 57 yil urush qilib, uch yil “dam olar” ekan. Astag’firulloh!

Biz kimmiz o’zi?!

* * *

Urushda g’olib va baxtli podshoh, g’olib va baxtli qo’shin, g’olib va baxtli davlat, g’olib va

baxtli tuzum bo’lishi mumkin. Ammo, g’olib va baxtli odam bo’lmaydi. Negaki, urush

odamni odam o’ldirishga majbur qiladi. Odam o’ldirgan odam esa hech qachon baxtli

bo’lmaydi!

* * *

Urushning yaxshisi bo’lmaydi. Ammo eng dahshatli urush-fuqarolar urushi. Negaki, u

avloddan avlodga “meros” o’tib, abadiy davom etadi!

* * *

Urush bilan besh ukunda bitadigan muammo tinchlik bilan besh yilda bitsa, ikkinchi

yo’lni tanlash kerak!

* * *

Bir zamonlar urushda askar o’lsa-o’lgandir. Hozirgi urushda qurol ko’targandan ko’ra

qurol ko’tarmagan ko’proq qiriladi. Zamonaviy qurollar okop bilan bolalar bog’chasining,

aedrodrom bilan tug’ruqxonaning farqiga bormaydi!

* * *

Inson-aqlli. Inson-donishmand... shu qadar donishmandki, xat-savodi chiqmay turib

omoch o’ylab topdi... G’ildirak ixtiro qildi. Narvon... Keyin suvda suzdi. Osmonda uchdi.

“ Oynai-jahon”ni yaratddi... ko’p bedavo dardlarga shifo topdi. Qadami Oygacha yetdi...

Inson- aqlli. Inson-donishmand... Shu qadar “donishmand”ki, bir zarb bilan butun boshli

shaharni kultepaga aylantiradigan atom bombasini o’ylab topdi. Shu qadar

“donishmand”ki, bir zarb bilan butun boshli mamlakatni yer bilan yakson qiladigan

vodorod bombasini yaratdi. Shu qadar “donishmand”ki, bir zarb bilan million odamni,

mol-holni, qurt-qumirsqani qirib tashlab, “jonsiz” boyliklarga- uy-joy, mol-mulk, oltinkumush,

temir-tersakka ziyon yetkazmaydigan “aqlli” neytron bombasini kashf etdi...

Shu qadar “donishmand”ki, bir tomchisi havoga purkalsa, yetmish odamni til torttirmay

o’ldiradigan “U-X” degan zaharni ixtiro qildi va ...o’sha zahri-qotilning 15 ming tonnasini

g’amlab qo’ydi...

Bu qurol bilan yetti yuz milliard odamni qirib tashlash mumkin ekan!

Holbuki, Yer kurrasida besh milliard odam yashaydi…

…Inson-aqlli. Inson-donishmand. Inson- telba!

* * *

Odamxo’rlik-kannibalizm, besh asr avval barham topgan, deydilar… Unday emas.

Modomiki, yer yuzida urush balosi bor ekan, shuning o’zi odamxo’rlikdir.

* * *

Urush degan palakatni, ko’pincha, kaltafahm siyosatdonlar o’ylab topadi. To’nkamijoz

generallar boshlaydi. Jabrini esa begunohlar tortadi. Begunoh askar. Begunoh ota.

Begunoh ona. Begunoh kelin. Begunoh go’dak…

SAKKIZINCHI MO'JIZA

Qalamkashga qishloqning qalbi, shaharning aqli kerak.

* * *

Badiiy ijod shunday daraxtki, shoxida umuminsoniy mevalar yetiladi, ildizi esa milliy

zaminda yotadi.

* * *

Adib qaysi tilda asar yozsa, o’sha xalqning yozuvchisi hisoblanadi. Bu o’rinda millatning

daxli yo’q.

* * *

Yozuvchilik-ikki foiz talant, to’qson sakkiz foiz mehnatdir, degan gap to’g’ri bo’lsa,

dunyodagi hamma chumolilar yozuvchi bo’lardi!

* * *

Haqiqiy dengizchi ummonda o’zini qanchalik erkin his qilsa, haqiqiy yozuvchi ham so’zlar

ummonida shunchalik erkin suzishi kerak. To’rtta jumla yozmay turib, u yog’iga so’z

topolmay qoladigan odamdan yozuvchi chiqmaydi.

* * *

Iztirob chekib yozilgan asar rohat qilib o’qiladi.

* * *

Tasavvur qiling: siz tasviriy san’at muzeyiga kirdingiz. Polotnolardagi ranglarni,

odamlarning qiyofasini ko’zingiz bilan ko’rib, hayajonga tushasiz. Tasavvur qiling: siz

magnitafonda muzika tinglayapsiz. Cholg’u ohanglari, xonandaning ovozini qulog’ingiz

bilaneshitib, hayajonga tushasiz… endi tasavvur qiling: siz kitob o’qiyapsiz. Oq qog’ozda

qora chiziqlar-harflardan bo’lak hech qanaqa rang yo’q. hech kim kuy ham chalmaydi.

Ammo asarni o’qishga kirishishingiz bilan ko’z o’ngingizda rangin manzaralar paydo

bo’ladi. Qulog’ingiz ostida ajib ohanglar jaranglay boshlaydi. O’zingiz bilmagan holda

qattiq hayajonga tushasiz…

Hech shubhasiz, badiiy adabiyot-dunyodagi sakkizinchi mo’jiza!

* * *

U- zo’r ijodkor. Shunchali “polvon”ki, qayoqqa borsa, bir qop “paxta” orqalab yuradi.

* * *

O’z xalqi tanimagan, o’z xalqi sevmagan yozuvchini jahon kitobxoni sevishiga

ishonmayman.

* * *

Qog’oz oq bo’lgani uchun unga So’z bitadilar. Paytava kr bo’lgani uchun unga So’z bitib

bo’lmaydi. Qog’oz pok bo’lgani uchun zarracha cho’g’ tushsa, yonib ketadi. Paytava kir

bo’lgani uchun tutaydi-yu, yonmaydi. Yozuvchi bo’lish uchun iste’dodning o’zi kamlik

qiladi.

Qalbi qog’ozdek oq, qog’ozdek yonadigan odamdangina chinakam yozuvchi chiqadi.

* * *

Shoir har kuni aqalli bitta she’r yozishi kerak, adib har kuni aqalli bitta sahifani to’ldirishi

kerak, degan gaplar yuradi.

Chindan ham tikuvchi har kuni aqalli bitta ko’ylak tikadi. Oshpaz har kuni aqalli bir

qozon osh damlaydi. Novvoy har kuni aqalli bir tandir non yopadi… shaunday ekan, shoir

nega har kuni aqalli bitta she’r yozmasligi kerak?

Shunaqa-ku… Tikuvchi do’kondan tayyor mato olib, tayyor bichim bilan ko’ylak tikadi.

Oshpaz bozordan tayyor masalliq olib, tayyor qozonda osh damlaydi. Novvoy kappondan

tayyor un olib, tayyor tandirda non yopadi…

Qalamkash esa, “mato” bilan “bichim”ni ham, “masalliq” bilan “qozon”ni ham, “un” bilan

“tandir”ni ham o’zi yaratishi kerak. Boshqalar bor joydan bor qilsa, ijodkor yo’q joydan

bor qiladi. Buning uchun esa, Xudo bergan iste’dod, Xudo ko’ngliga slogan ilhom kerak!

* * *

Yozuvchi o’zi his qilgan hamma narsani to’la to’kis qog’ozga tushira olmaydi. Kitobxon

qog’ozga tushira olmaydi. Kitobxon qog’ozga tushganlarning hammasini to’la-to’kis his

qilolmaydi. Binobarin, kitob yozayotgan qalamkash hayajoni kitob o’qiyotgan o’quvchi

hayajonidan o’n karra kuchliroq bo’ladi.

Asar o’qiyotganingizda jinday tabassum qilsangiz, bilingki, o’sha sahifalarni qalamkash

rostmana kulib yozgan. Kitob o’qiyotganingizda ko’zingizga bir qatra yosh kelsa, bilingki,

qalamkash o’sha sahifalarni rostmana yig’lab yozgan.

* * *

Asar binoga o’xshaydi. Faqat bino g’ishtdan quriladi, asar esa so’zdan. Endi bir narsani

tasavvur qiling: bitkazilgan binodan bitta g’ishtni sug’urib olsangiz, uning husniga

shikast yetadi. O’nta g’ishtni ko’chirsangiz, bino bosib qoladi…

Shunday asarlar borki, butun-butun jumlalarni olib tashlasangiz ham, yuzta so’zni

o’chirsangiz ham, mingtasi o’rnini almashtirsangiz ham hech nima o’zgarmaydi…

Bunaqangi “asar” bino emas, vayronadir!

* * *

Talantsiz yozuvchi tovuqqa o’xshaydi. Yong’oqdek tuxum tug’adi-da, qaqog’lab olamni

buzadi!

* * *

Ijod-yuz metrli masofani kim o’zarga yugurib o’tiladigan sprinterlik musobaqasi emas,

uzoq va mashaqqatli yo’ldir.

* * *

Bir hamkasbim nolidi:

-Bugungi kitobxon nodon, savodsiz. Mening qadrimni biladiganlar yuz yildan keyin

tug’iladi.

Men yupatdim:

- Gapingiz to’g’ri… Faqat uni notariusdan tasdiqlatib, po’lat sandiqqa solib qo’ying… yuz

yildan keyin so’zingizga guvoh topishingiz mushkul…

* * *

Ikkita eng xolis hakam-Kitobxon va Vaqt sinovidan o’tgan asar haqiqiy asardir.

* * *

Uchta bolasi bilan xotinini tashlab ketti-da, “Bolalar baxtini o’ylang” deb shig’ir yozdi.

Qoyilley, shovvoz!

* * *

Adiblar ulug’ yozuvchi Abdulla Qahhorning ushbu so’zlarini ijodxona peshtoqiga yozib

qo’ysalar arziydi. “Adabiyot atomdan kuchli.uning kuchini o’tin yorishga sarflamaslik

kerak!”

Munaqqidlar ustoz Ozod Sharafuddinovning ushbu so’zlarini shior qilib olsalar arziydi.

“Tanqidchi ijod bog’iga bolta emas, tokqaychi ko’tarib kirishi kerak!”

* * *

Dehqon tajribasi oshgan sayin yumushi yengillashadi: ko’p hosil oladi.

Quruvchi tajribasi oshgan sayin yumushi yengillashadi: chiroyli imorat quradi.

Jarroh tajribasi oshgan sayin yumushi yengillashadi: yaxshi operatsiya qiladi…

Ijodkor tajribasi oshgan sayin yumushi og’irlashadi.

Uning o’zini takrorlashga haqqi yo’q!

* * *

Haqiqat havoga o’xshaydi. Rangini ko’rmaysiz. Ovozini eshitmaysiz. Hidini bilmaysiz…

Ammo bir lahza havosiz qolsangiz, bo’g’ilib ketasiz. Kitob ham shunday. Yolg’onga duch

kelgan kitobxon bo’g’ilib ketadi.

* * *

Iste’dodlilar hadeganda qovusha qolmaydi. Ular yulduzga o’xshaydi. Har bir yulduzning

o’z mehvari bo’ladi. Yulduzlar bir-birini inkor etmaydi. Ammo bir-birining mehvariga

kirmaydi ham. Iste’dodsizlar esa bir zambil shag’aldek gap. Darrov to’dalashadi. To’da

bo’lib jim yotsa-ku, mayli… Baraka topgurlar iste’dodlilarga tosh otaverib bezor qilgani

chatoq…

* * *

Hamkasblarim meni kechirsin-ku, ba’zi qalamkashlar varrakka o’xshaydi. Shamol

qayoqqa essa, o’sha yoqqa qarab, shox tashlaydi. Shamol qancha qattiq essa, dumini

shuncha shitob bilan likillatadi. Qancha havolansa, dardaragi shuncha qattiq varillaydi.

* * *

“Muhabbat” degan so’z hamma tillarda bor. Inglizlarda-“Lav”, nemislarda-“Libe”, lotin

tilida “Amor”, rus tilida “Lyubov”... “Lyubov k Rodine”, “Lyubob k jenshine”, “Lyubov k

materi”... Albatta, barcha tillarda bu so’zning bir necha xil ifodasi ham bor.

Ammo o’zbek tilida “Muhabbat” degan so’z shu qadar rango-rang ma’nolarga egaki,

hayratda qolasiz! “Yoqtirib qolmoq”, “Ko’ngil bermoq”, “Moyil bo’lmoq”, “Xushtor

bo’lmoq”, “Oshufta bo’lmoq”, “Dil bermoq”, “Bedil bo’lmoq”, “Mubtalo bo’lmoq”, “Maftun

bo’lmoq”, “Mahbub bo’lmoq”, “Oshiq bo’lmoq”, “Yaxshi ko’rmoq”, “Ishq”, “Ishqi

tushmoq”, “Ishqi foniy”, “Ishqi boqiy”, “Sevgi”, “Muhabbat”, “Mehr” va hokazolar...

Tabiiyki, bular orasida boshqa tillardan kirganlari ham bor. Biroq ularning barchasi- teng

huquqli o’zbek so’zlari!

Gap faqat bunda ham emas. Bu iboralarning hammasi umumma’noni anglatadi va ... har

biri alohida ma’no tashiydi!

Mumtoz adabiyotda “ishq” so’zining o’zi ikki xil ma’noni ifodalaydi. “Ishqi foniy”-

mahbubaga nisbatan sevgi. “Ishqi boqiy” –Tangrining diydoriga yetish...

Bugungi kunimizga kelsak... Boshqa tillarda uchrashi mushkul bo’lgan g’alati holatlarni

ko’ramiz. “Vatanga moyil bo’lmoq” degan ibora kulgili tuyuladi. “Vatanni sevmoq”

deyiladi. “Ota sevgisi” degani shakkoklikka o’tib ketadi. “Ona ishqi” degani gunoh

hisoblanadi. Farzandning onaga “Xushtor bo’lmog’i” do’zaxiylik sanaladi. “Ota-ona

mehri”, “Farzandning ota-onani yaxshi ko’rishi”, “Farzand mehri” deyiladi...

Shunday qilib, “Yoqtirib qolmoq” bilan “Ko’ngil bermoq”, “Ko’ngil bermoq” bilan “Oshiq

bo’lmoq”, “Oshiq bo’lmoq” bilan ”Sevmoq”, “Sevmoq” bilan “Muhabbat”, “Muhabbat”

bilan “Yaxshi ko’rmoq”, “Yaxshi ko’rmoq” bilan “Mehr” orasida uzoq, juda uzoq masofa

bor...

Tilimiz naqadar rango-rang! Tilimiz naqadar boy!

* * *

U yovvoyi gul edi: dashtda tugildi.

Bahor yomg’irlari shivirlagan pallada yerni tirmalab, yorug’ dunyoga chiqdi. Barq urib

o’sa boshladi.

Biroq... Qurg’oqchilik boshlanib, yer toshdek qotdi. U jizg’anak bo’lib, so’ldi. Ustiga-ustak

allaqanday mol uni toptab o’tdi...

Ketidan achchiq-achchiq shamollar esdi. Qor yog’di... Tamom!

... Ammo u tirik edi!

Yana bahor keldi. Ilq-iliq yomg’irlar yog’di. U jamiki ko’rgiliklari evaziga qaytadan bosh

ko’tardi. Qaddini rostlab yana barq urib o’sdi. G’uncha tugdi... olov parchasidekyal-yal

yondi. Shu qadar muattar bo’y tarata boshladiki, hamma hayratdan yoqa ushladi!...

Shunda...

Uni ko’chirib keltirdilar-da, qimmatbaho tuvakka solib, uyning to’riga keltirib qo’ydilar.

Qandoq yaxshi! Qurg’oqchilik qovjiratmaydi. Mol toptamaydi. Izg’irin shamollar vujudini

qaqshatmaydi. Boshiga qor yog’maydi... Hammaga ko’z-ko’z qiladilar...

Shunaqa-ku... Negadir u endi muattar bo’y taratmay qo’ydi...

Oradan kun o’tdi...

Hafta o’tdi...

Oy o’tdi...

... Uni uloqtirib yubordilar-da, qimmatbaho tuvakka boshqa gul keltirib o’tqazdilar...

* * *

- Iste’dodsiz iste’dodsizni yomon ko’rsa nima bo’ladi?-Hech nima bo’lmaydi!

_ Iste’dodsiz iste’dodlini yomon ko’rsa nima bo’ladi?

- Hech nima bo’lmaydi!

-Iste’dodli iste’dodsizni yomon ko’rsa nima bo’ladi?

- Hech nima bo’lmaydi.

-Iste’dodli iste’dodlini yomon ko’rsa nima bo’ladi?

- Fojia bo’ladi!

* * *

Ko’pchilik qalam ahlining bitta ojizligi bor: hammasi-“birinchi”!

Holbuki, kim “birinchi”, kim “yuzinchi”, kim umuman “hech nechanchi emas”- kitobxon

hal qiladi.

* * *

Yozuvchining o’quvchiga aytadigan dardi qancha kuchli bo’lsa, asar tili shuncha biyron

bo’ladi.

* * *

Bolta bilan qalam bir-biriga o’xshaydigan buyumlar emas. Ammo xizmati jihatidan

anchayin yaqin turadi.

Bolta- qotil qo’lida o’lim quroli. O’tinchi qo’lida mehnat quroli. Hunarmand qo’lida san’at

quroli.

Qalam-hasadg’oy qo’lida o’lim quroli. Savodxon qo’lida mehnat quroli. Iste’dod qo’lida

san’at quroli.

* * *

Qadimgi kimyogarlar oltinning sof yoki qalbakiligini aniqlash uchun mohaktosh qo’llar

ekanlar. Yozuvchining so’zi mohakka o’xshaydi. Bir og’iz Rosti uchun minglarning duosini

oladi. Bir og’iz Yolg’oni uchun minglarning qarg’ishiga qoladi… qalamkashning buyuk

baxti ham, buyuk baxtsizligi ham shunda!

* * *

Chinakam asar tug’ilmasdan oldin uning ohangi, muzikasi paydo bo’ladi. Bu- g’oya

emas, syujet ham emas, aynan OHANGdir. Mana shu ohang adibni qo’lidan sudrab kelib,

stolga “mixlab” qo’yadi. Asarning joni degani shu bo’lsa kerak.

* * *

Tanqiddan bezor bo’lgan shoir aytibdi:

-Siz nuqul birovlarning asarlarini tanqid qilasiz. O’zingiz bironta she’r yozganmisiz?

Tanqidchi aytibdi:

- Men kunora tuxum yeyman. Ammo uning mazasini bilish uchun o’zim tuxum tug’ishim

shart emas.

Shoir aytibdi:

- Men ham kunora odamlar haqida she’r yozaman. Ammo odamni bilish uchun kunora

uning go’shtini yeyayotganim yo’q-ku!

* * *

Hech o’ylab ko’rganmisiz? Nima uchun eng teran falsafiy asarda ko’pincha telba

qatnashadi.

Nima uchun eng jiddiy asarda masxaraboz o’ralashib yuradi?

Faylasufning yeti uxlab tushiga kirmagan dono fikrni telba bilmaydi, deb o’ylaysizmi?

Dunyoning ustuniman, deb yurgan azamatlar o’ylashga ham qo’rqadigan haqiqatni

masxaraboz aytmaydi, deb o’ylaysizmi?

* * *

Olimlar hisoblab chiqishgan. Pushkin o’z asarlarida 21 ming 197 ta betakror so’z

ishlatgan. Shekspir salkam 20 mingta, Servantes 18 mingga yaqin, Alisher Navoiy esa 1

million 378 ming 600 ta betakror so’z ishlatgan. Boisi, buyuk bobomiz faqat turkey

emas, forsiy, arabiy, urdu, xitoy, mo’g’ul va boshqa tillardagi so’zlardan ham mahorat

bilan foydalangan.

* * *

Hasad o’sib o’sib g’arazga, g’araz-fitnaga aylanadi. Fitna esa har qanday razolatning

onasidir.

* * *

Hasadg’oyning fikrlash tarzi g’alati. “Agar falonchi bo’lmaganida mening ishim yurishib

ketardi”, deb ichidan ezilaveradi. Boshqa jabhalarni bilmadim-ku, lekin ijob sohasida bu

bema’ni xomxayol. Ijod amal kursisi yoki davlat kvartirasi emaski, birovning o’rnini birov

egallasa. Kitobxon mehrini zo’ravonlik qilib ham, tilanchilik qilib ham olib bo’lmaydi.

* * *

Shuhrat-yoqimli, ammo aldamchi narsa. U tog’ cho’qqisiga o’xshaydi. Qancha baland

ko’tarilsangiz, shuncha ko’zingiz tinadi. Hushyor bo’ling! Bitta nojo’ya qadam qo’ysangiz,

jarlikka uchib ketishingiz aniq!

* * *

Maktab o’qituvchisining So’zi o’ttiz bolaga yetib boradi.

Dorilfunun domlasining So’zi yuz talabaga yetib boradi.

Notiqning So’zi ming tinglovchiga yetib boradi.

Qalamkashning So’zi bir yo’la o’n ming, yuz ming kitobxonga yetib boradi. Demak, uning

so’z mas’uliyati ham boshqalarnikidan ming hissa ortiqroqdir.

* * *

Yozuvchi o’zi his qilgan hamma narsani qog’ozga to’la-to’kis tushira olmaydi. O’quvchi

kitobdagi hamma narsani to’la-to’kis his qilolmaydi… kitob o’qiyotganingizda bir marta

jilmayib qo’ysangiz, bilingki, yozuvchi o’sha satrlarni rosmana kulib yozgan. Ko’zingizga

bir qatra yosh kelsa, bilingki, yozuvchi o’sha satrlarni rosmana yig’lab yozgan…

Har qanday muhim g’oya ham inson qismatiga aylanmasa, quruq gap bo’lib qolaveradi.

* * *

Modomiki talantsizlar yovuz niyatda bir-biri bilan til topishar ekan, talantlilar ham yaxshi

niyatda birlashmog’i lozim.

* * *

Iste’doli adib hayotida ikki marta xatarli bosqichdan o’tadi. Birinchisi - nimaki yozmasin

chiqarishi mushkul palla. Ikkinchisi- nimaiki yozmasin, chiqarishi oson bo’lgan palla. U

birinchi bosqichdan omon-eson o’tadi. Ammo ikkinchi bosqichdan o’tishi og’ir, juda

og’ir…

* * *

Katta iste’dod avval xalq e’tiborini, keyin xalq muhabbatini va nihoyat xalq e’tiqodini

qozonadi. Aslida mana shu uch bosqichning har bittasi bir umrga teng.

© O'tkir Hoshimov, http://utkir.edunet.uz, http://www.ziyouz.com, www.ziyonet.uz